Prezidentning “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Quyidagilar O‘zbekiston sportchilarini Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
- sportning ustuvor toifadagi boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, og‘ir atletika turlari bo‘yicha medallar sonini oshirish;
- sportning rivojlanayotgan toifadagi triatlon, voleybol, stol tennisi, basketbol, zamonaviy besh kurash kabi 21 ta turi bo‘yicha litsenziyalarni qo‘lga kiritish;
- xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.
Shuningdek, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida erishgan natijalardan kelib chiqib, sport turlari ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan toifalarga ajratiladi. Ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan toifalardagi sport turlari ro‘yxati har 4 yilda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari o‘tkazilgan kalendar yilning yakuniga qadar qayta ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yildan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatlarini uch bosqichli “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari shaklida o‘tkazib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu sport musobaqalarda yoshlarni sport bilan doimiy shug‘ullantirish xizmatini ko‘rsatadigan jismoniy va yuridik shaxslarning sport tayyorgarligiga ega bo‘lgan sportchilari ishtirok etishadi.
Musobaqalarning respublika final bosqichi har yili Olimpiya shaharchasida “Prezident Olimpiadasi” sifatida o‘tkaziladi. Musobaqalarning respublika bosqichida saralangan sportchilar quyidagi sport-taʼlim tashkilotlariga milliy terma jamoalarga zaxira sifatida tayyorlash uchun yo‘naltirib boriladi:
- 1- va 2-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sportchilar – Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga;
- 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilar – hududiy olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlariga.