Toshkentda avtobus yonib ketdi

Hodisa natijasida tan jarohati olganlar yoʻq, avtobusga texnik zarar yetgan

Yunusobod tumani, TXAY koʻchasida 18-dekabr kuni soat 21:05 larda Mercedes-Benz avtobusida yongʻin kelib chiqqan.

Ushbu avtobus 2013-yil ishlab chiqarilgan. Ushbu holat, “8-Avtobus saroyi” tasarrufidagi saroy raqami 91-boʻlgan 169-sonli yoʻnalishda harakatlanuvchi avtobusda sodir boʻlgan.

Dastlabki maʼlumotga koʻra, haydovchi A.N boshqaruvidagi avtobus, Yunusobod tumani, Uch qahramon posti yaqinidagi aylanma yoʻl oldidagi bekatda toʻxtagan vaqtda, avtobusning elektr kabellarining qisqa tutashuvi natijasida yongʻin sodir boʻlgan.

Haydovchi avtobus salonidagi yoʻlovchilarni tushirganidan soʻng, yongʻinni oʻchirish uchun birlamchi oʻt oʻchirish moslamasi orqali dastlabki choralar koʻrishiga qaramay, yongʻin alangaga aylangan.

Shundan soʻng, voqea joyiga FVV Yongʻin qutqaruv boʻlinmasi tezkor guruhi chaqirilib, yongʻin qisqa vaqtda bartaraf etilgan. Mazkur hodisa natijasida tan jarohati olganlar yoʻq, avtobusga texnik zarar yetgan.

Hozirda “Toshshahartransxizmat” AJning Ishlab chiqarish texnik boʻlimi xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling