Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni Samarqandda UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari anjuman ishtirokchilarini madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan mehmondo‘st O‘zbekiston zaminida samimiy qutladi.
Prezident UNESCO faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.
Inklyuziv ta‘limni rivojlantirish va sun‘iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish ustuvor yo‘nalish ekani ta‘kidlandi. Prezident UNESCOning alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta‘limni rivojlantirish platformasini yaratish va Jahon professional ta‘lim sammitini o‘tkazishni taklif qildi. O‘zbekiston UNESCO shafeligida “Sun‘iy intellekt – maktab” pilot loyihasini amalga oshirish va Sun‘iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar forumini tashkil etishga tayyor.
O‘zbekiston yetakchisi nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash zarurligini ta‘kidladi. Xalq og‘zaki ijodi, qo‘lyozmalar, arxivlar va qimmatli tarixiy hujjatlar, madaniy ma‘lumotlar kabi noyob meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish imkoniyatini ta‘minlash maqsadida ta‘sis etilgan UNESCOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.
19-noyabr sanasini Xalqaro hujjatli meros kuni deb e‘lon qilish, shuningdek, UNESCO tuzilmasida Raqamli meros xalqaro institutini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Davlat rahbari 2027-yilda Buxoroda UNESCOning ijodiy shaharlar tarmog‘i doirasida Hunarmandchilik va xalq amaliy san‘ati bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazishni taklif etdi.
Prezident gender tenglikni ilgari surish va xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish maqsadida UNESCOning Xotin-qizlar yetakchiligi akademiyasini tashkil etish hamda Samarqandda dunyoning barcha qit‘alaridan taniqli tadqiqotchilar, san‘at namoyandalari, pedagoglar va novatorlar ishtirokida Ta‘lim, madaniyat va ilm-fan sohalaridagi xotin-qizlarning global forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Iqlim inqiroziga qarshi birgalikda samarali kurashish ham dolzarb masala sifatida qayd etildi.
Davlat rahbari iqlim o‘zgarishi madaniy merosga salbiy ta‘sir ko‘rsatayotganini ta‘kidlab, “UNESCOning ekologik poytaxti” global tashabbusini ta‘sis etish, shuningdek, UNESCO Ijroiya kengashining globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni asrash to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi. O‘zbekiston Xiva shahrida shu mavzuda xalqaro simpozium o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Virtual makonda noto‘g‘ri ma‘lumotlar tarqalishiga qarshi kurashish, jamoatchilik fikrini himoya qilish va kamsitishlarga qarshi kurashish ham ustuvor yo‘nalishlar qatorida. Prezident Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish va UNESCOning mediasavodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks strategiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.
Davlat rahbari dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, radikalizm va islomofobiyaga qarshi kurashish, islom madaniyati va ma‘rifatini butun dunyoda tarannum etish kerakligini ta‘kidladi: “Bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etish har qachongidan ham muhim”.
O‘zbekistondagi noyob loyihalar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari salohiyatidan faol foydalanish taklif etildi.
O‘zbekiston prezidenti forum hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, o‘zaro ishonch va global sheriklikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni ilgari surishda muhim qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.