Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtmoqda.
Majlisda yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilmoqda.
Ushbu qonun loyihasida transport vositalarini trotuarlardan, velosiped yoʻlkalaridan, yashil hudud maydonlaridan yurgizishning oldini olishga qaratilgan normalar belgilanmoqda.
Shuningdek, aholi tomonidan noqonuniy ravishda yoʻlning qatnov qismiga toʻsiqlar oʻrnatish yoki yoʻllarni toʻsib qoʻyish, transport vositalari va fuqarolarning harakatiga toʻsqinlik qilish holatlariga chek qoʻyish uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi yoʻllarda harakat ishtirokchilari xavfsizligini taʼminlash, ularning erkin harakatlanishiga sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.
Shuningdek, Majlisda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholiga sifatli avtotransport xizmati ko‘rsatish, transport tizimini rivojlantirish hamda jamoat transportiga ustuvorlik berish yo‘nalishida amaliy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, avtobuslar soni so‘nggi 2 yilda 2 barobarga oshirilib, avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etildi. Avtobuslarning oraliq intervali 2 barobarga qisqarib, yo‘lovchilar soni 2 barobarga ko‘paydi.
Lekin tirbandlik masalasi aholi uchun, ayniqsa Toshkent shahrida eng dolzarb muammoga aylangan. So‘nggi 2-3 yilda Toshkent shahrida har kuni 7-9 ballik, ayrim vaqtlarda esa 10 ballgacha tirbandliklar kuzatilmoqda.
Amaldagi qonunchilikda jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda boshqa transport vositalarining harakatlanganligi uchun javobgarlik nazarda tutilmagan. Bu o‘z navbatida, qatnov muntazamligi va jamoat transportining erkin harakatlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bilan jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Qonun tashabbuskorlari tomonidan qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat transportida yo‘lovchilarga sifatli va qulay xizmat ko‘rsatilishini tashkil etish, jamoat transporti harakati ustuvorligini hamda yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi takidlandi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.