Oʻzbekiston va Somali oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatildi

Somali Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan 157-davlatga aylandi

Nyu-Yorkda 5-fevral kuni Oʻzbekiston va Somali oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisidagi Qoʻshma kommyunike imzolandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov va Somalining BMTdagi doimiy vakili Abukar Dahir Usmon imzoladi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan institutlari doirasida hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarini topish maqsadida ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Mazkur hujjatning imzolanishi Oʻzbekiston bilan Afrika davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.

Shu tariqa, Somali Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan 157-davlatga aylandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling