Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiz Respublikasi 2031-yilgi Osiyo kubogini birgalikda oʻtkazish boʻyicha OFKga nomzodlik taklifini yubordi, deb xabar berdi OʻFA.
Osiyo futbol konfederatsiyasi 2031-yilda Osiyo qitʼasining eng nufuzli futbol turniri boʻlgan Osiyo kubogi mezbonligiga nomzodlarni koʻrib chiqishni boshladi.
Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiz Respublikasi futbol uyushmalari birgalikda Osiyo kubogi mezbonligini yuqori saviyada oʻtkazishga ishonch bildirgan holda, oʻz qoʻshma nomzodini ilgari surishdi.
"Bugungi kunda qoʻshni mamlakatlar bilan birga Oʻzbekiston ham nufuzli musobaqani qabul qilishga har tomonlama tayyor. Toshkent, Namangan, Fargʻona, Qarshi kabi shaharlarda stadionlar xalqaro standartlarga mos ravishda tartibga keltirildi. Qoʻshimcha ravishda, oxirgi yillarda Osiyoning U-20, U-23 turnirlari, Futzal boʻyicha Jahon chempionati mezbonligi ulkan tajriba vazifasini oʻtadi. Markaziy Osiyo har doimgidek oʻzining mehmondoʻstligi, professional yondashuvi, futbolga fidoyiligi va albatta futbolsevar muxlislar mehri bilan butun Osiyo eʼtiborini qozonishga tayyor", — deyiladi OʻFA xabarida.