Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti Donald Trampni ushbu lavozimga rasmiy kirishgani munosabati bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni tashrif bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampni ushbu lavozimga rasmiy kirishgani munosabati bilan tabrikladi.

Davlat rahbari oʻz maktubida Donald Trampning yangi muddatdagi faoliyati davomida AQSHning xalqaro maydondagi nufuzi va obroʻ-eʼtibori, iqtisodiy qudrati va salohiyati, global miqyosdagi oʻrni va ahamiyati yanada ortishiga ishonch bildirdi.

Oʻzbekiston AQSHning mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan siyosatini yuqori baholaydi va alohida qadrlaydi.

“Sizning birinchi Prezidentlik davringizda Oʻzbekiston-AQSH oʻrtasida yangi davrdagi strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilganini va koʻp qirrali aloqalarimiz yuqori bosqichga koʻtarilganini taʼkidlab oʻtishni istar edim. Biz bundan keyin ham ikki va koʻp tomonlama platformalar doirasida uzoq muddatli hamkorligimizni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz”, – deyiladi prezident maktubida.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni tashrif bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif etdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling