O‘zbekiston Milliy axborot agentligi “UzTest” Buxoro viloyati hududiy filialida ayrim turdagi sinov va o‘lchash uskunalarining o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar bergandi. Holat yuzasidan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi izoh berdi.
Maʼlum qilinishicha, haqiqatan ham “UzTest” Buxoro hududiy filialida qiymati 150 million so‘mlik "Tormoznoy stend" sinov uskunasi hamda 250 million so‘mlik gazballonlarni o‘lchash vositalari o‘g‘irlangan.
Mazkur holat, aslida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Komplaens nazorat bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan.
Markaz tomonidan yuqoridagi holatlarga oid surishtirish ishlari yakunlangach qo‘shimcha ma‘lumotlar taqdim etiladi.
"Shuningdek, xabarlarda “UzTest” 6 mlrd so‘m mablag‘ni maqsadsiz sarflab yuborilgani ham iddao qilingan. Bu xabar hech qanday haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va mutlaqo asossizdir. Agentlik Komplaens nazorati bo‘limi tomonidan tizim tashkilotlari, shu jumladan, Markazning moliyaviy faoliyati ustidan doimiy monitoring o‘rnatilgan", deyiladi munosabatda.
O'zA o'z xabarini 8-iyul kuni soat 22:16 da qayta tahrirlab, maqsadsiz sarflangani haqida aytilgan qismini o'chirgan.