Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil yoʻllari boʻylab katta hajmli va ogʻir vaznli avtotransport vositalarining harakatlanish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga koʻra:
– avtomobil yoʻllarida vazn va hajm parametrlari nazorati boʻyicha zamonaviy oʻlchov vositalari bilan jihozlangan statsionar va koʻchma shoxobchalar oʻrnatilib, ularni ishlatishga xususiy sektor jalb qilinadi;
– shoxobchalar auksion orqali tadbirkorlik subyektlariga 20 yil muddatga ijara asosida va boshqa shaxslarga oʻtkazish xuquqi bilan beriladi.
Qaror bilan Avtomobil yoʻllarida ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar va koʻchma shoxobchalarni tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Elektron onlayn auksion savdolariga qoʻyish uchun oʻlchov-nazorat shoxobchalari oʻrnatiladigan joylarning minimal qiymati (boshlangʻich narxi):
– xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻllarida – BHMning 50 baravari;
– davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllarida – BHMning 40 baravari;
– mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yoʻllarida – BHMning 30 baravari miqdorida belgilanadi.
Dastlabki ikki yil davomida mazkur shoxobchalar orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar uchun jarimalar summasidan tushgan mablagʻlarning 40% tadbirkorlik subyektlari hisobiga yoʻnaltiriladi. Keyinchalik ushbu summa 30%ni tashkil etadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling