Senat yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun koʻrib chiqildi.
Senatorlar tomonidan maʼqullangan qonun va konsepsiya bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini taʼminlash va Oʻzbekiston dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni roʻyobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yoʻnalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilanmoqda.
Shuningdek, ushbu hujjat bilan belgilanayotgan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.
Konsepsiyaning qabul qilinishi diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlashga asoslangan munosabatlar modelini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslari takomillashishiga, jamiyatda totuvlik, ijtimoiy hamjihatlik va birdamlik muhiti mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.