Rodri “Oltin toʻp” sohibi boʻldi

Parijda 2024-yilgi “Oltin toʻp” sohibini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi

Parijda 2024-yilgi “Oltin toʻp” sohibini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda boshqa koʻplab nominatsiyalar boʻyicha ham gʻolib aniqlandi.

“Manchester Siti” futbolchisi Rodri 2024-yilgi “Oltin toʻp” sohibiga aylandi. U oʻtgan mavsumda klubi bilan APLda gʻolib boʻldi, shu bilan birga, Ispaniya terma jamoasi bilan Yevro—2024 da chempion boʻldi.

Shuningdek, “Barselona” futbolchisi Lamin Yamal eng yaxshi yosh futbolchiga beriladigan “Kopa Trofi” sovrinini qoʻlga kiritdi.

“Real Madrid” esa yilning eng yaxshi klubi deb topildi.

“Real” bosh murabbiyi Karlo Anchelotti yilning eng yaxshi murabbiyi deya eʼtirof etildi.

“Aston Villa” darvozaboni Emiliano Martines eng yaxshi darvozabonga beriladigan Lev Yashin sovriniga ega chiqdi.

“Bavariya” hujumchisi Harri Keyn hamda “Real” aʼzosi Kilian Mbappega eng yaxshi toʻpurarga beriladigan Gerd Myuller sovrini nasib etdi.

“Barselona” aʼzosi Aytana Bonmati ayollar oʻrtasidagi “Oltin toʻp”ga loyiq koʻrildi.

“Oltin toʻp” topshirish marosimiga yaqin “Real Madrid” hujumchisi Vinisius Junior “Oltin toʻp” sohibi boʻlgani aytilayotgan edi. Biroq marosimga bir necha soat qolganda “Real Madrid” delegatsiyasi marosimga bormasligini bildirdi. Soʻng tarmoqlarda “Oltin toʻp”ni Rodri olishi haqida xabarlar paydo boʻldi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling