Hududlarda suyultirilgan gaz mahsuloti taʼminotida noqonuniy holatlarni aniqlash boʻyicha nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda, deb xabar berdi “Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmati.
Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanidagi monitoring jarayonida “Kattaming” MFYda istiqomat qiluvchi M.O. xonadoni koʻzdan kechirilganda 45 dona maishiy gaz balloni texnika xavfsizlik talablariga zid ravishda saqlanayotgani aniqlandi.
Gaz ballonlarning ikki donasi bar kodli stikerlarga ega boʻlib, gaz taʼminoti boʻlimlariga tegishli ekani maʼlum boʻldi va holat yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Yana bir shunga oʻxshash holat Fargʻona viloyati Bagʻdod tumanida sodir boʻldi. “Paxtaobod” MFYda yashovchi fuqaro X.A. xonadonida 18 ta maishiy gaz ballonlarini saqlab kelayotgani maʼlum boʻldi.
Gaz ballonlarining uch donasida gaz taʼminoti boʻlimlariga tegishli ekani aniqlandi va vaziyatga aniqlik kiritish uchun oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Holatlar yuzasidan dalolatnomalar tuzilib, barcha hujjatlar FVB va huquq-tartibot organlariga topshirildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling