“Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan neft mahsulotlarini yetkazib berish va ularni sotuvga chiqarilishi yuzasidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida bir qator AYOQSHlarda qoidabuzarliklar aniqlandi.
Xususan, Buxoro tumani “Shergiron” MFYda joylashgan “E.N.M.” MCHJga qarashli AYOQSH oʻrganilganda joriy yilning oktabr oyi boshida faoliyati toʻxtatilganligiga qaramasdan, 10-, 16-, 18-oktabr kunlari davomida jami 11,3 tonna AI-80 rusumli avtobenzin birja orqali xarid qilinib, shoxobchaga tushirilmasdan xaridorlarga sotilmaganligi aniqlandi.
Bu kabi holat Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan “D.O.P.” MCHJga qarashli shoxobchada ham kuzatilib, 19 931 litr miqdordagi AI-80 rusumli avtobenzin asossiz sotmasdan saqlab turilganligi hamda 20 ta 10 litrlik nostandart yelim idishlarda jami 200 litr miqdordagi avtobenzin shoxobcha hududida saqlanayotganligi maʼlum boʻldi.
Shuningdek, Xorazm viloyati Bogʻot tumanidagi 5 ta AYOQSHda yaʼni “S.O.757” MCHJ, “O.X.” MCHJ , “B.O.X.” MCHJlar hamda “S.” va “Sh.” xususiy korxonalarga qarashli AYOQSHlarda AI-80 rusumli avtobenzin narxi asossiz oshirilgan holda sotilayotganligi aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygan ushbu AYOQSHlarda kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar birja savdolarida ishtirok etishi vaqtincha toʻxtatildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling