Prezident, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 21-fevral kuni harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasini mustahkamlash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Majlisda Xavfsizlik kengashi aʼzolari, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar rahbarlari, okruglar qoʻmondonlari hamda joylardagi studiyalardan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi Raislari, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, shuningdek, mahalliy xokimiyat organlari masʼullari ishtirok etdi.
Yigʻilish avvalida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida qilingan ishlar va ularning natijalari hamda yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda 2025-yil va kelgusi yillar uchun ustuvor vazifalar belgilandi.

Milliy armiyani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda zamonaviy qurolli mojarolar, xavfsizlikka mavjud tahdidlar va harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini hisobga olish zarurligi taʼkidlandi.
Hozirgi kunda turli mintaqaviy mojarolarda sunʼiy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi vositalar keng qoʻllanmoqda. Shundan kelib chiqib, qoʻshinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sunʼiy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qoʻllash va havo hujumidan mudofaa boʻyicha yangi boʻlinmalarni tashkil etish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Prezident, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni tomonidan Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini taʼminlash, jangovar tayyorgarlik koʻrsatkichlarini yanada takomillashtirish, sunʼiy intellektga asoslangan qoʻshinlarni avtomatlashtirilgan yagona boshqarish tizimini yaratish, harbiy taʼlim va harbiy kadrlarni tayyorlashda dual taʼlimdan foydalanish lozimligi taʼkidlandi.

Armiyaning ustuni boʻlmish “Bosh serjantlar korpusi” faoliyatini takomillashtirish, mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, harbiy xizmatchilarni va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvatlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy sport sohasiga yoʻnaltirish kabi muhim vazifalar belgilandi.
Yigʻilishda mudofaa vaziri, harbiy okrug qoʻmondonlari va boshqa maʼsullarning hisobot hamda takliflari eshitildi.