Ijtimoiy tarmoqlarda 1-noyabrdan “musor”dan qarzi borlar toʼliq elektrdan uzilishi haqida xabarlar tarqaldi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mazkur xabarlar yuzasidan izoh berdi.
Taʼkidlanishicha, chiqindi tashish va olib ketish xizmatida foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida yangi “Toza Makon-billing” dasturiy kompleksi ishga tushirilishi munosabati bilan 31-oktabr soat 23:50dan 5-noyabr soat 23:50gacha profilaktik ishlar olib boriladi.
Mazkur vaqt oraligʻida chiqindi xizmati uchun barcha turdagi toʻlovlarni amalga oshirishda hamda shaxsiy hisob raqamdagi mavjud maʼlumotlarni olish, abonent toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzgartirish, qoʻshish va oʻchirishda vaqtinchalik texnik uzilishlar boʻlishi aytilgan.
“Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda notoʼgʻri talqin qilinishi natijasida koʼpgina manbalarda chiqindi xizmatidan qarzi bor fuqarolar elektr energiyasidan ham uzilishi haqida maʼlumotlar tarqalmoqda.
Ayni paytda ”Hududiy elektr tarmoqlari“ AJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan isteʼmolchining chiqindi boʻyicha qarzdorlik boʻyicha ogohlantirilgandan keyin toʻlov qilmagan shaxslarning elektr uchun toʻlovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti joriy etilishi amaliyoti boʼyicha texnik ishlar olib borilmoqda.
Shu oʼrinda chiqindidan qarzdor isteʼmolchilar elektr energiyasidan uzilishi haqidagi xabarlar mutlaqo asossiz ekanligini maʼlum qilamiz», — deyiladi xabarda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling