O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Migratsiya agentligi hamda Xitoyning "JC Finance Interconnect Holdings" kompaniyasi raisi U Tinyi o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, AKT, turizm kabi soha mutaxassislari uchun ilg‘or xalqaro standartlar asosida qayta tayyorlash va malakani oshirish dasturlarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston talabalari uchun Xitoyning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida grantlar ajratish va nomzodlarni tanlash xususida fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida "JC Finance Interconnect Holdings" kompaniyasi vakillarining O‘zbekistonga safarini tashkil etishga kelishib olindi.
Safar davomida O‘zbekiston fuqarolarini taʼlim va kasbiy faoliyatga tayyorlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish markazini ochish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarda uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.