Xorazm va Sirdaryoda firibgarlik holatlari aniqlandi, deb xabar berdi DXX.
Xorazm viloyatidagi tumanlardan birining O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi boshlig‘i xizmat mavqeidan foydalangan holda, qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan mineral o‘g‘itlar va biokomplekslar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJga tegishli 27 tonna “Biostimulyator” o‘simliklar ozuqasini mahalliy fermer xo‘jaliklariga qimmat narxlarda sotish uchun shartnoma tuzishda amaliy yordam berishni vaʼda qilgan.
Buning evaziga 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sirdaryo viloyatining “Gulistonshahargaz” gaz taʼminoti bo‘limi muhandisi hamda mahallabay ishlash xizmati boshlig‘i o‘zaro til biriktirib, mahalliy fuqaroning xonadonida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati yuzasidan aniqlangan 164 mln so‘mlik zarar summasini 14 mln so‘mgacha kamaytirib berganliklari evaziga 1000 dollar talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda muhandis ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan muhandis va bo‘lim boshlig‘iga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.