Prezidentning “Taʼlim sohasida xususiy sektor ishtirokini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2030-yil 1-yanvarga qadar nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari:
- barcha turdagi soliq (bundan ijtimoiy soliq mustasno) va yigʻimlardan ozod qilinadi;
- unda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan chet ellik oʻqituvchi va mutaxassislar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq toʻlamaydi.
Shuningdek, 2030-yil 1-yanvarga nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining quyidagi Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovar jihozlariga bojxona toʻlovlari toʻlanmaydi (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno):
- zamonaviy oʻquv va laboratoriya uskunalari;
- kompyuter texnikasi va dasturiy mahsulotlar;
- oʻquv va ilmiy-metodik adabiyotlar, anjomlar va moddiy-texnik resurslar.
2025-yil 1-yanvardan boshlab nodavlat taʼlim tashkilotlariga doimiy jalb etiladigan pedagog xorijiy mutaxassislarga “A-2” oʻqituvchilar kirish vizalarini berish yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan xorijdan jalb qilingan mutaxassislarga mehnat qilish huquqini beruvchi tasdiqnoma berish yigʻim miqdori BHMning 30 baravaridan 1 baravarigacha kamaytiriladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling