Sirdaryoda 13 yoshli maktab oʻquvchisi 23 yoshli shaxsni pichoqlab oʻldirib qoʻydi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 13 yoshli maktab oʻquvchisi qotillikka qoʻl urdi. “Daryo” Bosh prokuratura axborot xizmatiga tayanib qotillik tafsilotlarini maʼlum qildi.

2024-yil 18-oktyabr kuni Boyovut tumanida yashagan 23 yoshli erkak murdasi Guliston shahrining “Navbahor” mahallasi hududidagi kanal yonidan topilgan.

Voyaga yetmagan Sh.A. (oʻgʻil bola) joriy yil 18-oktyabr kuni “Doʻstlik” va “K-3” kanali oraligʻidagi tashlandiq joydan oʻtib ketayotgan vaqtida uzoq qarindoshi F.J. uni chaqirib, qoʻlidagi pichoq bilan uni oʻldirishini soʻragan. Bola buni rad qilganidan soʻng, F.J. voyaga yetmagan Sh.A.ni qoʻrqitgani bois voyaga yetmagan bola uni pichoq bilan qasddan oʻldirgan, deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Marhum F.J. ruhiy kasalliklar dispanserida “paranoid shizofreniya epizodik kechishi” tashxisi bilan roʻyxatda turgan.

Holat yuzasidan Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling