Prezident raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 2025-yilda “Yashil makon” dasturi uchun 100 milliard soʻm ajratilishi aytildi.
Endilikda daraxtlarni 3 yil parvarishlash, kasallikdan saqlash, sugʻorish xarajatlari ham investitsiya dasturiga kiritiladi.
Sugʻorish tizimi boʻyicha 2 ta tajriba amalga oshiriladi. Xususan, 27 ta tumanda sugʻorish tizimi yaratish uchun 1 tadan quduq qazishga ruxsat beriladi. Gʻallaorol tumanidagi togʻlarda qor-yomgʻir suvini yigʻuvchi 10 ta geo-membrana oʻrnatilib, daraxtlarni sugʻorish tizimi yaratiladi.
Bahorda 14 ta tumanning togʻ va adir qiyaliklarida qavat-qavat qilib, terrasa usulida 500 gektarda daraxt ekish boshlanadi.
Viloyat hokimliklariga “Mening bogʻim” loyihasi boʻyicha yashil bogʻ yaratishga kamida 1 gektar, yashil jamoat parki uchun yarim gektardan yer ajratish topshirildi.
Bu maydonlar ekish mavsumigacha “Ochiq byudjet” portaliga qoʻyilib, daraxt turlari boʻyicha tavsiya va ularning narxi koʻrsatiladi. Bunda, parvarishlashda masʼuliyatsizlik qilgan shaxslarni mobil ilova orqali ogohlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Hokimlarga barcha obodonlashtirish boʻlimlarini 20 tadan sugʻorish mini-texnikasi bilan taʼminlash topshirildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling