Umra litsenziyasini olish uchun yangi talablar eʼlon qilindi

“Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi

“Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi 668-son Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Bu haqda Din ishlari boʻyicha qoʻmita axborot xizmati xabar berdi.

Qarorning maqsadi, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish uchun litsenziya olish talablarini belgilash, ziyoratchilarga amallarni munosib va xavfsiz bajarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, sifatli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishini taʼminlashga qaratilgan.

Maʼlumki, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingan. Qonunga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchaga koʻra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi.

Bunda, Din ishlari boʻyicha qoʻmita mazkur sohadagi litsenziyalovchi vakolatli organ sifatida belgilandi.

“Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish faoliyati uchun litsenziya yakka tartibdagi litsenziya turi hisoblanadi hamda litsenziyalarni berish tanlov asosida Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan 2024-yil oktyabr oyidan amalga oshiriladi.

Quyidagi litsenziya talab va shartlari joriy etilmoqda:

* Ziyoratchilarga guruh rahbari etib Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida diniy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassisni tayinlash;

* shtatida diniy taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim muassasasi yoki Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchisi boʻlgan kamida bir nafar mutaxassisning mavjudligi;

* voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat koʻrsatmaslik;

* 1 mln AQSH dollari miqdordagi mablagʻni “Ziyorat” jamgʻarmasiga zaxira qilib qoʻyish;

* oʻz faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;

* ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistoni Podshohligining faqat “Umra” vizasini rasmiylashtirish;

* Bunda, “Umra” vizasidan tashqari viza bilan fuqarolarni olib borish noqonuniy faoliyat hisoblanadi.

* “Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot oʻrtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish hamda ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarni bank muassasalari orqali amalga oshirish;

* ziyoratchilarga “Umra” amallarini bajarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va sifatli “Umra” xizmatlarini koʻrsatish, shuningdek, Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarga oʻz vaqtida tibbiy xizmat koʻrsatishni tashkil etish;

* xalqaro yoʻnalishlarda yoʻlovchi va yuk tashish boʻyicha 2 yildan kam boʻlmagan tajribaga ega hamda ushbu davr mobaynida yoʻlovchi tashishning xalqaro va milliy qonunchilik talablarini buzmagan aviakompaniyalar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, ziyoratchilarni yuborishdan oldin ularga borish-kelish aviachiptalarini xarid qilish;

* ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam boʻlmagan mehmonxonalarga joylashtirish;

* “Umra” xizmatini uchinchi davlatlar orqali koʻrsatmaslik;

* “Umra” xizmatini litsenziyada koʻrsatilgan manzildan boshqa joyda joylashgan vakolatxona va filial orqali amalga oshirmaslik;

Shuningdek, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha faoliyat uchun litsenziya olish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (75 mln soʻm) etib belgilangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling