Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahri, “Baxt” MFY da joylashgan bogʻchada 25-mart kuni kech soat 19:10 larda baxtsiz hodisa yuz berdi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bogʻcha bilan qoʻshni hududda tadbirkor tomonidan qurilayotgan turar-joy kompleksida oʻrnatilgan koʻtarma kranning oʻq (strela) qismi yomgʻir sababli qulagan. Oqibatda bogʻchaning tom qismiga shikast yetgan.
Hodisa joyiga zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar boʻlimi, hokimiyat, prokuratura, IIB mutasaddilari yetib borishgan. Binoning tom qismini zararlagan koʻtarma kran oʻqi olib tashlanib, vaziyat toʻliq nazoratga olingan.
Hozirda qurilish tashkiloti tomonidan muassasa tom qismida zarar yetgan profnastil qoplama va yogʻoch qism olib tashlanib, taʼmirlash ishlari boshlangan.
Qurilish tashkiloti masʼullari 3 kun muddatda bogʻchaning zarar yetgan qismini taʼmirlab, binoni ishchi holatga keltirishini bildirdi. Hozirda taʼmirlash ishlari 8 nafar qurilish tashkiloti ishchi xodimlari bilan davom etmoqda.
MTT faoliyati bir muddatga toʻxtatilgan. Hodisa oqibatida jarohat olganlar yoʻq.