Navoiyda 2025-yili “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilinishi mumkin

Prezident raisligida Navoiyni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Yigʻilishda Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan Navoiy viloyati maʼnaviy tarbiya, maʼrifiy yuksalish yoʻlida barchaga oʻrnak va namuna boʻlishi, taʼbir joiz boʻlsa, yurtimizning maʼnaviy brendiga aylanishi zarurligi taʼkidlandi.

Masalan, 2017-yil Andijon viloyatida “Bobur yili” deb eʼlon qilinib, shu asosda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgan edi. Prezident mana shunday ijobiy tajribani Navoiy viloyatida ham qoʻllab, yangi – 2025-yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilishni taklif qildi.

Bu yil doirasida “Hazrat Navoiyni anglash – oʻzligimizni anglash” mavzusida Prezident sovgʻasi uchun respublika tanlovi tashkil etiladi. Har bir mahalla, maktab, oliygohlar va mehnat jamoalarida “Navoiyxonlik kechalari” oʻtkaziladi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida viloyatning shahar va tumanlari, qishloqlarida Navoiy bobomizga atab yangi bogʻlar, soʻlim xiyobonlar, yashil hududlar tashkil etiladi.

Quriladigan Yangi Oʻzbekiston bogʻida Alisher Navoiyga bagʻishlab memorial muzey tashkil etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling