Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida yashovchi fuqaro Ohangaron tumanida joylashgan va qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan 32 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.
Buning evaziga 2 mln 400 ming dollar talab qilib, oldindan 500 ming dollarni Toshkent shahridagi kafelardan birida olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, Yangiyoʻl tumanida yashovchi, 1974 va 1978-yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs oʻzaro til biriktirib, tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan 48 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni aytgan.
Buning evaziga 60 ming dollar hamda kadastr hujjatlarini hal qilib berish evaziga 8160 dollar talab qilib, shundan 64 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.
Shu bilan birga, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida yashovchi, 1990-y.t. shaxs Suv xoʻjaligi vazirligining “Amu-Surxon” Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli Sherobod tumanidagi Meliorativ ekspeditsiya balansida boʻlgan 20 sotix yer maydonini hamda 1961-y.t. mahalliy fuqaroga tegishli, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan 45 sotix yer maydonini jami 60 ming dollarga sotishga kelishgan.
U 56,7 ming dollar va 43 mln soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Bundan tashqari, Xorazm viloyatining Urganch tumanida yashovchi, 1979-y.t. shaxs mazkur tumandan oqib oʻtuvchi Shovot kanali boʻyida joylashgan va davlat zaxirasida boʻlgan 24 sotix yerni kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.
Buning evaziga 45 ming dollar va 13 mln soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.