SSV “Dok-1 Maks”dan vafot etgan bolalar ishi bo'yicha ma'lumot berdi: “Barcha mas'ullar ishdan olindi”

7 nafar masʼul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Avvalroq, Dok-1 Maks siropi boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligining maxsus ishchi guruh aʼzolari tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotganini xabar bergan edik.

Oʻrganishlar davomida dori bilan bogʻliq jinoyat alomatlari maʼlum boʻlgan. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositasi Oʻzbekistonda 2012-yildan roʻyxatga olinib, shu yildan savdoga chiqarilgan. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi bergan maʼlumotga koʻra, har bir dori seriyalari tekshirilib, ularga muvofiqlik sertifikati berilgan. Oʻzbekistonga ushbu preparat “Quramax Medical” MCHJ tomonidan import qilingan.

Natijada, oʻtkir respirator kasalliklarga chalingan 21 nafar bolaning 18 nafarida Dok-1 Maks siropini ichish natijasida oʻlim holati aniqlangan.

Vafot etgan bolalar statsionar davolanishga kelguniga qadar ushbu preparatni uy sharoitida boshqa dorilar bilan birga, 2-7 kun davomida, kuniga 3-4 mahal 2,5-5 millilitrgacha qabul qilgan.

“Tabiiyki, bu bolaga meʼyoridan ancha ortiq miqdor hisoblanadi. Barcha bolalarga preparat shifokorlar retseptisiz berilgan. Dori vositasi tarkibidagi asosiy modda paratsetamol boʻlgani uchun ”Dok-1 Maks“ siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida notoʻgʻri qoʻllanilgan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab boʻlgan”, - deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, olib borilgan dastlabki laborator oʻrganishlar “Dok-1 Maks” siropining ushbu seriyasi tarkibida etilenglikol mavjudligini ham koʻrsatgan. Yaʼni ushbu modda zaharli boʻlib, taxminan 1-2 ml/kg 95 foiz konsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy oʻzgarishlarni, yaʼni qusish, xushdan ketish, tutqanoq, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar va oʻtkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi.

Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan xizmat vazifasiga loqayd va beeʼtibor munosabatda boʻlgani, bolalar oʻlimi tahlilini oʻz vaqtida yuritmagani va kerakli choralarni koʻrmagani uchun 7 nafar masʼul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilib, qator mutaxassislarga intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan.

Toʻplangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling