Saidaziz Saidaliyevga tovlamachilik jinoyati boʻyicha yana bir hukm oʻqildi. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudining shu yil 29-oktyabrdagi hukmida keltirilishicha, Saidaziz Saidaliyev Ilhom Sotvoldiyev va tergovda aniqlashning imkoni boʻlmagan boshqa shaxslar bilan jinoiy til biriktirib, 2023-yil yanvar oyining boshlarida Yashnobod tumani, Nodira mahallasidagi uylardan biriga borib, Baxtiyor Kolonovga goʻyoki tadbirkorlikdagi sobiq sherigidan 700 ming AQSH dollari miqdorida qarzdor ekanligini aytishgan.
Tadbirkor ularga qarshilik koʻrsatganida “Saidazim medgorodok” va sherigi qurol sifatida pichoq hamda toʻpponchadan foydalanib, tahdid qilishgan. Ular tadbirkorga agar 700 ming AQSH dollarini bermasa sogʻligʻiga, oilasiga jiddiy zarar yetkazib, oʻzini otib tashlashni aytishgan.
Sul majlisida Saidaziz Saidaliyev va Ilhom Sotvoldiyev tovlamachilik qilmaganini aytib, aybiga iqror boʻlmagan hamda adolatli hukm chiqarishni soʻragan.
Jabrlanuvchilar Baxtiyor Kolonov hamda Doston Begimqulov esa oʻz koʻrsatmalarida sudlanuvchilar pichoq va toʻpponcha bilan tahdid qilishganini, otib tashlash bilan qoʻrqitishganini bildirishgan.
Sud hukmiga koʻra, Saidaziz Saidaliyev Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a, v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni (juda koʻp miqdorda hamda uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan tovlamachilik) sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudining 2024-yil 5-avgustdagi hukmi bilan tayinlangan jazoning oʻtalgan qismini qisman qoʻshgan holda uzil-kesil 20 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ilhom Sotvoldiyev ham Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan aybli deb topilgan. U jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudining 2024-yil 5-avgustdagi hukmi bilan tayinlangan jazoning oʻtalgan qismi qisman qoʻshilgan holda uzil-kesil 5 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling