1-iyundan boshlab shaharlar avtomobil yo‘llarida taʼmirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07.00 dan 21.00 ga qadar amalga oshirishga (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi.
Taʼmirlash va yo‘l chiziqlarini yangilash ishlari endi kunduzi emas, faqat kechasi — yo‘llardagi harakat kamaygan vaqtda amalga oshiriladi.
Shuningdek, 1-sentyabrdan boshlab harakat tezligini nazorat qilishga mo‘ljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan hududda “Radar” yo‘l belgisining o‘rnatilishi majburiy bo‘ladi.
Soat 23.00 dan 06.00 ga qadar yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat berildi.
Avtobuslar harakati uchun ajratilgan, yaʼni “A” harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishi hozirda taqiqlangan. Soat 23:00 dan boshlab deyarli barcha avtobus yo‘nalishlari o‘z ishini tugatishini hisobga olib hamda qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida boshqa transport vositalarining tungi paytda, soat 6:00 ga qadar ushbu tasmalarda harakatlanishi mumkin bo‘ladi va bu qoidabuzarlik hisoblanmaydi.
“To‘xtash taqiqlangan” va “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilarining maqsadga muvofiq o‘rnatilganligi nuqtai nazaridan to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.
"To‘xtab turish taqiqlangan" belgisining tagida amal qilish vaqti soat "7.00 - 21.00" deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, transport vositalari ushbu belgi hududida soat 21.00 dan 7.00 ga qadar bemalol to‘xtab turishlari mumkin bo‘ladi.
Qaror bilan avtomobil yo‘llaridan o‘tgan ayrim temir yo‘l kesishmalarida “Stop” belgilari boshqariluvchi sfetoforlarga almashtirilishi belgilandi.
Prezident topshirig‘iga muvofiq maʼmuriy jazolar tizimiga yangi – “maʼmuriy ogohlantirish” taʼsir chorasini kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihaga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq ayrim yengil turdagi huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslarga DPX inspektori tomonidan ogohlantirish beriladi. Ogohlantirish bir yil ichida faqat bir marotaba berilishi mumkin.