Bugun va ertaga Oʻzbekiston hududining katta qismida havo biroz bulutli boʻlishi kutilmoqda. Bu haqda Oʻzgidromet xabar berdi.
Baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Faqat respublikaning shimoli-gʻarbiy hududlari – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati va Navoiy viloyatining shimolida yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati bugun 18-21 darajagacha, ertaga 14-17 darajagacha pasayishi davom etadi.
20-aprel – yakshanba kuni faqat togʻ oldi va togʻli hududlarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin. Oʻzbekistonning qolgan hududlarida quruq ob-havo kuzatiladi.
20-aprelda kechasi va kunduzi havo nisbatan salqin boʻladi, harorat kechasi 5-10 darajagacha pasayadi, kunduzi esa quyosh nurlari havoni 20-23 darajagacha isitadi. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ayrim joylarda 15-20 m/s gacha kuchayadi.
Respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkentda bugun kechga tomon qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Harorat 18-20 daraja boʻladi.
Shanba kuni kechasi va ertalab biroz yomgʻir yogʻishi mumkin, kunduzi yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi 8-10 daraja, kunduzi 15-17 daraja boʻladi.
Yakshanba kuni yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi 7-9 daraja, kunduzi 18-20 daraja boʻladi. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi.