Aloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki”ga aylantiriladi

Yoshlar agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz yoshlari bilan muloqoti oʻtkazilmoqda.

Prezident bugun yoshlar tadbirkorligida mutlaqo yangi davrni boshlab beradigan 3 ta katta hujjatga imzo chekkanini eʼlon qildi.

Birinchi hujjatga muvofiq, Yoshlar agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mablagʻ ajratildi.

Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard soʻmgacha imtiyozli kreditlar beriladi, tashabbuskor yoshlarning startap loyihalariga 2 milliard soʻmgacha investitsiya kiritiladi.

Bugungi kunda oliygohlarni tugatayotgan 90 ming yoshlar mutaxassisligi boʻyicha ish topishda qiynalmoqda.

Shu bois, ikkinchi qaror bilan oliygoh bitiruvchilari bandligini taʼminlash boʻyicha yangi tizim yaratilmoqda. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar resurs beriladi.

Bank Oliy taʼlim vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda oliygoh bitiruvchilarining tashabbus va gʻoyalarini loyihaga aylantirish boʻyicha yangi bank xizmatlari paketlarini joriy etadi.

Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash boʻyicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi. Komissiya ish oʻrinlarini yaratish, kadrlarga ehtiyoj, boʻsh oʻrinlarga yoshlarni joylashtirish masalalarini hal etadi.

Prezident imzolagan uchinchi hujjatga koʻra, Aloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki”ga aylantirilib, bunga 200 million dollar ajratildi.

Bank oʻzini oʻzi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 million soʻmgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor boʻlgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va oʻquv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit beriladi.

Bank kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yoʻnaltiriladi.

Hududlarda “yoshlar biznes inkubatori” tashkil qilinib, yoshlar gʻoyalari startapga aylantiriladi, 6 oydan 3 yilgacha qoʻllab-quvvatlanadi, tayyor biznes, korxona darajasiga olib chiqiladi.

“Aloqa venchur” jamgʻarmasi orqali startaplarga 50 mingdan 1 million dollargacha sarmoya kiritilib, mahsulot va xizmatlarni ichki va xalqaro bozorlarda sotish, biznes hamkor topish, qoʻshimcha investitsiyalar jalb qilishga koʻmaklashiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling