Shavkat Mirziyoyev YUNESKO bosh direktori bilan uchrashuv o‘tkazdi

Samarqandda tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish masalasi muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-mart kuni Fransiyaga davlat tashrifi doirasida BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

BMT tizimidagi ushbu nufuzli tuzilma bilan samarali hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari, shuningdek, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Ko‘p qirrali sheriklik bugungi kunda yuksak darajada ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan axborotdan foydalanish va bolalar taʼlimi masalalari bo‘yicha rezolyutsiyalar qabul qilindi.

O‘zbekiston Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro markazga aʼzo bo‘ldi. Buxoro "Kreativ shaharlar tarmog‘i"ga qo‘shildi. Samarqanddagi Ipak yo‘li universitetida YUNESKO kafedrasi ochildi. O‘tgan yili taʼlim, madaniyat, raqamli va innovatsion texnologiyalar sohalarida 7 ta yangi loyihani amalga oshirish boshlandi.

Turon cho‘llari va Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi, ipakchilik, kulolchilik, rubob chalish va iftorlik anʼanalari, "Buxoro amiri devonxonasi arxivi", "Turkiston albomi", "Xudoybergan Devonov fotoalbomi" YUNESKOning maxsus ro‘yxatlariga kiritildi.

Taʼkidlash joizki, Samarqand shahrida bo‘lajak Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta YUNESKOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda o‘tkaziladi. Bu voqea tashkilotning 80 yilligiga to‘g‘ri keladi.

Bosh direktor Odri Azule O‘zbekiston bilan sermahsul hamkorlikni yuksak baholab, bo‘lajak tadbirga keng ko‘lamli tayyorgarlik ko‘rilayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Amaliy hamkorlik dasturlarini yana-da kengaytirish, shuningdek, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi forum va tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling