Toshkentda avtomashina savdosi bilan shug‘ullangan MCHJni qasddan bankrotlikka olib kelgan shaxslar aniqlandi

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida fuqarolarga xarid qilingan avtomashinalarini nomiga o‘tkazib bermasdan MCHJni qasddan bankrotlikka olib kelgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, “A.M.L.” MCHJ masʼul shaxslari avtotransport vositalari sotuvi bilan shug‘ullanib kelib, 4 nafar fuqaroga Spark 2 ta, Sobalt va Nexia-3‘larni 2 yildan 3 yilgacha muddatli to‘lov asosida sotishga kelishgan. 

Fuqarolar tomonidan 2019-2023-yillar davomida to‘lovlar to‘liq to‘langandan keyin avtomashinalarni ularning nomiga o‘tkazib berilmasdan, jami 34 882 dollar va 118,5 mln so‘mni qo‘lga kiritilgan.

Bundan tashqari, MCHJ masʼul shaxslari kreditorlarning oldida 6,1 mlrd so‘m qarzdorligi mavjud bo‘lsa-da, avtomashinalar sotuvidan tushgan 471,9 mln so‘mni hisob-raqamiga kirim qilmasdan, korxonani to‘lovga qobiliyatsizligini qasddan yuzaga keltirgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 181-1-moddasi (qasddan to‘lovga qobiliyatsizlikka olib kelish) bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling