Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tuman hokimlari oʻrinbosarlari va yordamchilarining noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Dehqonobod tumani hokimining oʻrinbosari tumandagi Qorashina shaharchasini obodonlashtirish doirasida qurilgan obyektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qoʻyish evaziga tuman hokimligining maʼmuriy binosi yonida 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, mazkur obyektdagi kamchiliklarni solishtirma dalolatnoma rasmiylashtirish yoʻli bilan bartaraf etib berish evaziga 15 mln soʻm olgan vaqtida Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi yetakchi mutaxassisi ham qoʻlga olindi.
Hozirda hokim oʻrinbosari hamda davlat unitar korxonasining yetakchi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari fuqaroga Xatirchi tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida bankdan 100 mln soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻi olib berish evaziga 20 mln soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, muqaddam sudlangan hokim yordamchisi oʻz xizmati uchun 10 mln. soʻm hamda Xatirchi tumanidagi aksiyadorlik tijorat banki mutaxassisi esa tegishli hujjatlarni tayyorlab, kredit mablagʻi ajratib berish evaziga 2 mln. soʻm olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shahrixon tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining hokim yordamchisi oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda, tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga bankdan 100 mln soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻi ajratilishida yordam berish evaziga 9 mln soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 214-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
May oyida Xovos tumani hokimining oʻrinbosari oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish bilan shugʻullanuvchi MCHJga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik, aksincha, sugʻorish ishlariga sharoit yaratib berish hamda faoliyatiga hech kim aralashmasligini taʼminlash evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 1000 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan edi.
Hovos tumani hokimi oʻrinbosariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Sardoba tuman sudining hukmiga muvofiq, mazkur mansabdor shaxs 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling