Prezident raisligida 4-iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda yil boshidan buyon Toshkent shahriga qariyb 3 mln xorijlik sayyoh tashrif buyurgani aytib o‘tildi.
Taʼkidlanishicha, ularning ko‘pchiligi tarixiy obidalar, istirohat bog‘lari, bozorlar, kafe-restoranlar va turistik mahallalarga piyoda borib, xotirjam sayr qilishni istaydi.
Buning uchun yo‘l ko‘rsatkichlari, qulay marshrutlar va raqamli xaritalar zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga avtobus bekatlari, vokzal, aeroport va metro stansiyalarida sayyohlar uchun shahar marshrutlarini ko‘rsatuvchi, telefonga bepul va oson yuklab olinadigan xaritalarni joriy etish topshirildi.
Davlat rahbari Toshkent azaldan toza, ozoda va “yashil” shahar sifatida e‘tirof etib kelinganini ta‘kidladi. Shu bilan birga, ko‘chalar, xiyobonlar va parklardagi tozalik muhiti aholi va turistlar talabiga qay darajada mos ekani tanqidiy tahlil qilindi.
Bu masala oddiy ko‘rinsa-da, aslida, madaniyat va qadriyat ekani qayd etildi. Mahalla raislari, nuroniylar va faollarga aholi bilan birga obodonchilik, daraxt ekish va ularni sug‘orish ishlariga bosh-qosh bo‘lish, yoshlarga “Tozalik ostonadan boshlanadi” degan qadriyatni singdirish zarurligi ta‘kidlandi.
Shuningdek, poytaxt mehmonlari va sayrga chiqqan aholi uchun hojatxonalar yetishmasligi qayd etildi. Bir oy muddatda alohida dastur ishlab chiqib, shu yilning o‘zida har bir tumanda 15-20 ta zamonaviy hojatxona qurish uchun yerlarni auksionga chiqarish vazifasi qo‘yildi.
Chiqindi qutilarini keskin ko‘paytirish bo‘yicha ham choralar ko‘riladi.