Toshkent viloyatida elektrdan noqonuniy foydalangan savdo do‘konlari va umumiy ovqatlanish shoxobchasi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Zangiota tumanida “B.X.” MCHJ rahbari X.R. savdo do‘konida tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan.
Natijada 1,4 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanilgan.
Shuningdek, fuqaro Sh.T. Zangiota tumani, “Keng-kichik” MFY hududidagi savdo do‘koni va umumiy ovqatlanish shoxobchasida umumiy foydalanishdagi gaz va elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan.
Natijada 1 mlrd so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.