O‘zbekistonda 2025-yil yakunigacha AI-80 benzinini sotish cheklanishi mumkin

Hududlardagi issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalariga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanishi mumkin

Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 1-maydan boshlab ayrim yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirishni taqiqlash taklif etilmoqda. Bu haqda 2025-yil uchun davlat dasturi loyihasida aytilgan.

Bunga quyidagilar kiradi:

  • asbest, sement ishlab chiqarish, shlam va shlaklar;
  • teri-ko‘nchilik, parrandachilik fabrikalari;
  • samaradorligi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash inshootlari bilan jihozlanmagan har qanday turdagi ko‘mir yoqish;
  • qora va rangli metallurgiya zavodlari, tarkibida zaharli aralashmalar bo‘lgan oyna, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash;
  • xavflilik darajasining I va II sinfiga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.

Shuningdek, 2025-yil yakunigacha “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotish cheklanishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatning barcha hududlarida joylashgan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalariga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanishi mumkin. Bunda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda avariyaviy yoqilg‘i sifatida foydalanish holatlari mustasno.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling