Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti talabgorlarini tanlash tartibi belgilandi

Talabgorlar fan, taʼlim, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati boʻyicha tanlovlar orqali saralanadi

Hukumat qarori bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga talabgorlarni tanlash va ularning hujjatlarini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi

Unga koʻra, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti talabgorlarini tanlash, ularning hujjatlarini rasmiylashtirish va taqdim etish tartibi hamda yoʻnalishlar boʻyicha talabgorlarning yutuqlari, ilmiy-ijodiy va amaliy ishlarini baholash mezonlari belgilandi.

Talabgorlar 8 ta yoʻnalish — fan, taʼlim, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati boʻyicha tanlovlar orqali saralanadi.

Mukofot ijtimoiy faolligi va isteʼdodi bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan 14 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlarga oʻqish va mehnat faoliyatidagi yutuqlari uchun beriladi.

Yoʻnalishlar boʻyicha har bir oʻringa munosib talabgorlarni tanlash quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

— tuman (shahar) bosqichi — 2-sentyabrdan 20-oktyabrga qadar;

— Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi — 21-oktyabrdan 30-noyabrga qadar;

— respublika bosqichi — 1-dekabrdan 31-dekabrga qadar oʻtkaziladi.

Mukofot har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2 nafardan vakillariga — jami 28 nafar talabgorga beriladi.

Sovrindorlarga mukofotlanganlik haqidagi diplom, koʻkrak nishoni hamda BHMning 50 baravari miqdoridagi pul mukofoti har yili 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida tantanali vaziyatda topshiriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling