Adiz Boboyev Samarqand viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi

Prezident yangi hokimga u ish o‘rni yaratish, kambag‘allikni qisqartirish shartligini ko‘rsatib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari  Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Sessiyada tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi.

“Biz yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, iqtisodiyotni barqaror o‘stirish orqali aholi farovonligini oshirish bo‘yicha katta-katta marra va rejalarni olayapmiz.

Bu ishlarni tashkil qilish uchun viloyatga zamonaviy fikrlaydigan, muammolarni tizimli tahlil qilib, innovatsion yechim bera olishga salohiyatli rahbar kerak”, – dedi davlat rahbari.

Prezident Samarqand viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Adiz Boboyev nomzodini tavsiya etdi.

Viloyat faollarining nomzod haqidagi fikrlari tinglangach, viloyat hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Adiz Boboyev viloyat hokimi etib tasdiqlandi.

Prezident yangi hokimga u ish o‘rni yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya va eksportni ko‘paytirish, tannarxni kamaytirish va energiya tejamkorlikni oshirish bo‘yicha Samarqandni namunali hududga aylantirishi shartligini ko‘rsatib o‘tdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling