Uchta hududda advokatlarning noqonuniy harakatlari fosh etildi

Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda

Andijon va Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrda advokatlarning noqonuniy harakatlari fosh etildi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosining advokat stajyori hamda 1984-y.t. shaxs o‘zaro kelishgan holda, o‘zganing nomida bo‘lgan 34 sotix noturar yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga turar joy sifatida rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan. Buning evaziga 34 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, Toshkent shahridagi advokatlik firmasi advokati qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mansabdor shaxslariga nisbatan Bektemir tuman prokuraturasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha 4 nafar fuqaroni javobgarlikka tortmaslik va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llamaslik evaziga 25 ming dollar talab qilgan.

Olmazor tumanida ushbu pul mablag‘ini advokatning ko‘rsatmasiga asosan, uning 1987-y.t., muqaddam sudlangan tanishi olgan vaqtida ushlandi.

Shu bilan birga, Buxoro viloyatining Peshku tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati 2024-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha mazkur tuman sudi tomonidan sudlangan fuqaroga oid ishni kassatsiya instansiyasida ko‘rilishi jarayonida unga nisbatan oqlov hukmi chiqarish masalasini sud tizimidagi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 12 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosining muqaddam sudlangan ishchisi Shayxontohur tuman IIO faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining Tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan, Jinoyat Kodeksining 131-moddasi bilan poytaxtdagi SPA-salonlardan birining boshqaruvchisiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tanishlari orqali tergov jarayonida tugatishga ko‘maklashish evaziga o‘zining 1993-y.t. tanishi orqali 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, advokatlik byurosi ishchisi ushbu masalani o‘zi ishlayotgan advokatlik byurosi advokati orqali hal qilib berishni rejalashtirganligi aniqlandi. Byuro advokati ham mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.

Advokatlik byurosi ishchisi SPA-salon boshqaruvchisidan muqaddam 4500 dollar olganligi ham maʼlum bo‘ldi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling