“Temiryo‘linfratuzilma” AJ Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli “Ziyovuddin temir yo‘l masofasi” korxonasida temir yo‘l to‘siqlari bo‘yicha brigadir lavozimida faoliyat yurituvchi, Navoiy shahrida yashovchi, 1988-y.t fuqaro 2023-yilning dekabrida korxonada brigadir shtat birligi tugatilgach, u yo‘l sozlovchisi va temir yo‘l to‘siqlari qo‘riqchisi vazifasiga ishga o‘tkaziladi.
Lekin, sobiq brigadir o‘z noroziligini rahbariyatga ko‘rsatib qo‘yish maqsadida Karmana tumanida yashovchi, 1992-y.t. hamkasbi bilan jinoiy reja tuzadi.
14-yanvar kuni kechki vaqt ular Samarqand viloyatining Paxtachi tumani “Burqut” MFY hududida joylashgan “Ziyovuddin-Navoiy” temir yo‘l bekatlari oralig‘ining 3872-km hududiga borib, og‘irligi 110 kg bo‘lgan temir-beton shpalni “Afrosiyob” elektropoyezdi harakatlanuvchi temir yo‘l relsi ustiga ko‘ndalang holatda qo‘yib, voqea joyidan yashirinishadi.
Oradan 15-20 daqiqa o‘tib, “Toshkent-Buxoro” yo‘nalishida 159 km/s tezlikda harakatlanayotgan, jami 148 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi temir-beton shpal bilan to‘qnashadi. Buning natijasida poyezdning harakatlantiruvchi qismlariga jiddiy shikast yetadi.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mazkur shaxslar ushlanib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudi tomonidan esa qonunbuzarlar qo‘poruvchilik harakatini sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularning biriga 13 yil, ikkinchisiga esa 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, qo‘poruvchilik harakati natijasida jinoyatchilar tomonidan “Afrosiyob” poyezdiga 260 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi bois, ushbu pul mablag‘i davlat hisobiga undirib olindi.