O‘zbekistonda Agrar sohada to‘lov agentligi tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev paxtachilikda samaradorlikni ilg‘or tajriba va texnologiyalar asosida oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev 17-noyabr kuni paxtachilikda samaradorlikni ilg‘or tajriba va texnologiyalar asosida oshirish, qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda paxtachilikda hosildorlikni oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Buning uchun past hosil olayotgan fermerlar bilan manzilli ishlash, ilg‘or agrotexnologiyalar va oziqlantirish amaliyotlarini to‘g‘ri joriy etish, agronom tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish choralari belgilab olindi.

Jumladan, paxtachilikda ustoz-shogird an‘analarini yo‘lga qo‘yish orqali hosildorlikni 60 sentnerdan oshirgan ilg‘or fermerlarni 30 sentnerdan kam hosil olgan fermerlarga biriktirish taklif qilindi.

Ilg‘or fermerlar Qishloq xo‘jaligi malaka oshirish institutida qayta tayyorlanib, ularga sertifikat beriladi. Past hosil olgan fermerlarda hosildorlik kamida 50 sentnerdan oshsa, ularga biriktirilgan ilg‘or fermerlarga 5 mln so‘mdan mukofot puli beriladi.

Agronomlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Agrar universitet va sohada agronomlarni tayyorlaydigan boshqa oliygohlar bitiruvchilari uchun ikki yillik “dual ta‘lim” mexanizmi joriy etiladi. Ilg‘or klaster va fermer xo‘jaliklarida amaliyot o‘tagan talabalarga stipendiya, ularni o‘qitgan mutaxassislarga esa rag‘bat puli to‘lanadi.

Taqdimotda mahalliy paxta navlarini yaratish ishlari ham alohida ko‘rib chiqildi.

Mamlakatda paxtachilik bo‘yicha ikkita noyob ilmiy institut – Genomika markazi va Paxtachilik instituti borligi, lekin ularning imkoniyati to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Navlarni seleksiya qilish asosida paxta urug‘chiligini yana-da rivojlantirish maqsadida ushbu institutlarda fitotron va reproduksion issiqxona qurib berish topshirildi. Natijada yangi mahalliy nav yaratishga kerak bo‘lgan vaqt 2,5 barobar qisqaradi, olimlarning ishi tezlashib, import urug‘ga ehtiyoj qolmaydi.

G‘o‘zani plyonka ostiga ekish tajribasini ommalashtirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Prezident sohada agrodronlardan foydalanishni kengaytirish, bu borada mutaxassislarni tayyorlash muhimligini ko‘rsatib o‘tdi.

Qishloq xo‘jaligiga sun‘iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalasi ham kun tartibida bo‘ldi. Hozirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va xorijiy kompaniyalar hamkorligida bu borada kadrlar tayyorlash va ilmiy infratuzilma yaratish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ma‘lumot berildi.

Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.

2026-yildan paxta-g‘alla, mevalar va dukkakli ekinlar bo‘yicha hosilni ixtiyoriy sug‘urtalash tizimini yo‘lga qo‘yish, sug‘urta mukofotining 50 foizini budjetdan qoplab berish taklif qilindi.

Subsidiyalar tizimini soddalashtirish maqsadida hozirda turli idoralar tomonidan berilayotgan 75 turdagi subsidiyani yagona platforma orqali ajratib boradigan Agrar sohada to‘lov agentligini tashkil etish tashabbusi bildirildi. Bu fermerlar uchun ortiqcha ovoragarchilik va byurokratiyani keskin kamaytiradi.

Prezident takliflarni ma‘qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling