Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni Milliy statistika qo‘mitasining hisoboti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Kelgusi yil yanvar oyida boshlanadigan aholini ro‘yxatga olish ishlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Hozirgacha 9008 ta mahalla bo‘yicha tashkiliy rejalar tasdiqlandi, ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi 60 ming nafardan ziyod “mahalla yettiligi” vakillari va masʼul xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslari o‘tkazildi.
Ro‘yxatga olish elektron shaklda – maxsus portal orqali o‘tkaziladi. Maʼlumotlar portalga ro‘yxatga oluvchilar tomonidan uyma-uy yurib, planshet qurilmalari yordamida kiritiladi. Jarayonlar geoaxborot tizimi orqali monitoring qilib boriladi. Buning uchun ro‘yxatga olinadigan xonadonlar va turar joylarning geomanzillari shakllantirildi.
Davlat rahbariga hududlarda bu boradagi ishlarning tayyorgarlik holati yuzasidan hisobot berildi.
Ro‘yxatga olish jarayonlarini yana-da takomillashtirish yo‘llari, shu jumladan, raqamli platformalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish, xorijga ishlash, o‘qish yoki xizmat safariga ketgan fuqarolarni ro‘yxatga olish, uyma-uy va onlayn to‘plangan maʼlumotlarni integratsiya qilish bo‘yicha aniq yechimlar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Prezident aniq, tezkor va ishonchli statistika davlat siyosatini belgilash, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishning muhim omili ekanini qayd etib, sohani strategik yondashuv asosida transformatsiya qilishni davom ettirish topshirildi.
Mutasaddilarga aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.