Urganchda Al-Xorazmiy universiteti tashkil etiladi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Urganch filiali Al-Xorazmiy majmuasi hududida tashkil etiladi

Prezidentning “Al-Xorazmiy universitetini tashkil etish hamda axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, muhandislik va IT sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy universiteti tashkil etiladi. Universitetning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • matematika, aerokosmik texnologiyalar, muhandislik, IT va sunʼiy intellekt sohalari uchun zamonaviy bilim va malakaga ega oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash;
  • ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek, chet ellardagi nufuzli, tan olingan ilmiy markazlar bilan yaqindan hamkorlik qilish, talabalarni ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb etish.

Universitetda taʼlim jarayoni 2025/2026-o‘quv yilidan tashkil etiladi hamda talabalarni o‘qitish davlat va ingliz tillarida kredit-modul tizimi asosida olib boriladi.

V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining Urganch filiali Universitet binosida tashkil etiladi hamda har bir ilmiy xodimga talaba biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Universitetda taʼlim jarayoni davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yilidan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali Urganch davlat universitetiga qo‘shib yuboriladi.

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filialida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini 2025/2026-o‘quv yilidan Urganch davlat universitetining mos bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida davom ettiradi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Urganch filiali Al-Xorazmiy majmuasi hududida tashkil etiladi. Ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quv jarayoni 7 yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi. Bunda:

  • dastlabki 5 yilda ustuvorlik o‘quvchilarda fizika, matematika, informatika va ingliz tili bo‘yicha fundamental bilimlarni shakllantirishga, keyingi 2 yilda esa muhandislikka boshlang‘ich tayyorgarlikni taʼminlashga qaratiladi;
  • o‘quvchilar tanlovi umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarining matematika va informatika fanlari bo‘yicha qobiliyati bor 4-sinf bitiruvchilari orasidan amalga oshiriladi.

Ixtisoslashtirilgan maktabga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab rahbari, xodimlari va o‘quvchilari uchun belgilangan tashkiliy, akademik va moliyaviy shart-sharoitlar tatbiq etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling