Prezidentning "Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy ijodiy merosini yurtimiz va jahon miqyosida keng targʻib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga koʻra, Alisher Navoiy tavalludining 584-yilligi munosabati bilan Navoiy viloyatida 2025-yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi.
Alisher Navoiy ijodiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasi hamda chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
“Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” anʼanaviy xalqaro simpoziumi va navoiyxonlik tadbirlari yuqori saviyada oʻtkaziladi.
Navoiy davlat universitetida 2025-yil 10–15-oktyabr kunlari “Alisher Navoiy ilmiy-adabiy merosining umumbashariyat maʼnaviy va maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkaziladi.
“Hazrat Navoiyni anglash – oʻzligimizni anglash” mavzusida respublika tanlovi, shuningdek, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda “Navoiyxonlik kechalari” tashkil etiladi.