Voyaga yetmagan bola oila a‘zolariga moddiy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida o‘qishni tashlab, amakisi hamrohligida 7-aprel kuni Qozog‘istonga jo‘nab ketgan. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Biroq, 2-may kuni Qozog‘istonda bola ota-ona qaramog‘isiz qolgan holatda aniqlanib, maxsus ijtimoiy xizmatlar muassasasiga joylashtirilgan. Bola Qozog‘istonga ishonchnoma asosida olib o‘tilgan bo‘lsa-da, mamlakat amaldagi qonunchiligiga muvofiq, bunday muassasalardan voyaga yetmagan shaxsni faqat uning ota-onasi olib chiqish huquqiga ega.
Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida bola 20-may kuni O‘zbekistonga olib kelindi. Hozirda ushbu voyaga yetmagan bola qonuniy vakili — onasiga topshirildi.
Keyingi bosqichda esa uning yashash hududi bo‘yicha reabilitatsiya choralari va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari tizimli ravishda davom ettiriladi.