“Andijon do‘ppisi” va “So‘qoq somsasi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

Do‘ppi Andijon viloyatining hunarmandchilik an‘analari, kashtachilik maktabi va madaniy ramzlariga asoslangan

Adliya vazirligi tomonidan “Andijon do‘ppisi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, mazkur bosh kiyim o‘zining yuqori sifatli matolari, nozik naqshlari, o‘ziga xos shakli, shuningdek, ramziy va estetik mazmuni bilan ajralib turadi.

Ushbu do‘ppi Andijon viloyatining hunarmandchilik an‘analari, kashtachilik maktabi va madaniy ramzlariga asoslangan bo‘lib, xalq orasida o‘ziga xos hurmat va mavqega ega.

  • Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi: Andijon do‘ppisining kelib chiqish manbaini belgilaydi, hamda uning sifati va madaniy qiymatini huquqiy jihatdan himoya qiladi.

Shuningdek, Toshkent viloyati Parkent tumaniga qarashli So‘qoq qishlog‘iga xos bo‘lgan milliy taom — So‘qoq somsasi Adliya vazirligi tomonidan geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Mazkur mahsulot o‘zining o‘ziga xos tabiiy masalliqlari, xususan, faqat So‘qoq tog‘larida o‘sadigan xalq orasida “mador” nomi bilan tanilgan o‘simlik yoki ismaloqdan tayyorlanishi, shuningdek, betakror ta‘mi va xamirining o‘ziga xos usulda tayyorlanishi bilan ajralib turadi.

  • Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi: “So‘qoq somsasi”ning aynan So‘qoq hududiga mansubligini belgilab, uning sifati, tarixiy ildizlari va madaniy qiymatini huquqiy jihatdan muhofaza qiladi
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling