Qirg‘izistondan “Vodil avto” chegara bojxona posti orqali Farg‘ona viloyatiga o‘tgan vaqtida Andijonda yashovchi, 1992-y.t. fuqaro to‘xtatilib, o‘rnatilgan tartibda tekshirildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Natijada, ushbu shaxs egnidagi kiyimlari ostiga yashirgan holda, jami 859 dona zargarlik buyumlari va 1 dona qo‘l soatini qo‘shni davlatdan olib kelganligi aniqlandi.
Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, kimyoviy tarkibi oltin hisoblangan, brilliant toshlari bilan bezak berilgan mazkur zargarlik buyumlarining sof og‘irligi 4 kg 155 gramm bo‘lib, umumiy bahosi 5 mlrd 213 mln so‘mni tashkil etadi.
Aniqlanishicha, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi 10 nafarga yaqin savdogarlar tomonidan Turkiyadan Qirg‘izistonga olib kelingan ushbu zargarlik buyumlarini mazkur shaxs 400 dollar xizmat haqi evaziga chegara bojxona postidan o‘tkazib berishi kerak bo‘lgan.
Hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ushbu qimmatbaho buyumlar egalarining shaxsiga aniqlik kiritilmoqda.