Andijon va Namangan viloyatlarida korrupsion holatlar fosh etildi, deb xabar berdi DXX.
Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasining rahbarlaridan biri hamda Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari o‘zaro til biriktirgan.
Ular tumandagi baliq yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jalikda aniqlangan 4,1 mlrd so‘mlik zarar bo‘yicha sudga daʼvo arizasi kiritmaslik, hukumat qaroriga asosan zarar miqdorini 10 barobarga oshirilgan holda undirish choralarini ko‘rmaslik, tekshiruv tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha fermer xo‘jalik rahbari tomonidan Andijon tumanlararo maʼmuriy sudiga kiritilgan daʼvo arizasini qo‘llab-quvvatlash evaziga fermerga tegishli bo‘lgan Xonobod shahridagi 10 sotixli dala hovlini hokim o‘rinbosarining qarindoshi nomiga o‘tkazib berishni talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman hokimi o‘rinbosarining ukasi fermer xo‘jalik rahbaridan dala hovlining kadastr hujjalarini olib, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusda ushbu ko‘chmas mulkni o‘zining turmush o‘rtog‘i nomiga rasmiylashtirib olayotgan vaqtida fosh etildi.
Holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari hamda viloyat Ekologiya boshqarmasi mansabdoriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Boshqa holatda esa Kadastr agentligi Davlat kadastrlar palatasining Andijon viloyatidagi tumanlardan birining filiali boshlig‘i xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroning ishonchiga kiradi.
Mazkur mansabdor shaxs tuman zaxirasida bo‘lgan 17 sotix toshloq yerni noturar joy sifatida uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, Namangan viloyatidagi tumanlardan birining maktab va maktabgacha taʼlim bo‘limi mudiri hamda ikkita xususiy bog‘cha rahbarlari o‘zaro til biriktirib, mahalliy fuqaroning ishonchiga kirishgan.
Xususan, ular o‘zlarining mansabdor tanishlari orqali fuqaroni boshqa tumandagi davlat tasarrufidagi bog‘chalardan biriga mudira lavozimiga tayinlash evaziga 2500 dollar talab qilishgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab oilaviy xususiy bog‘cha rahbari 2500 dollar olgan vaqtida ushlandi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, undan ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida ikkinchi oilaviy xususiy bog‘cha rahbari qo‘lga olindi.
O‘z navbatida u 1000 dollarni tuman maktab va maktabgacha taʼlim bo‘limi mudiriga berishi kerakligi aniqlanib, mazkur mansabdor shaxs ham ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.