“Angren” ko‘mir konida 5 mart kuni soat 10:15 larda “BelAZ” rusumli avtoag‘dargich tog‘ jinslarini to‘kish vaqtida orqaga sirpanib, ag‘darilib ketgan va alangalanish ro‘y bergan. Bu haqda “O‘zbekko‘mir” AJ xabar berdi.
O‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga tezlik bilan yetib kelgan va yong‘in to‘liq o‘chirilgan. Hodisa oqibatida og‘ir tan jarohati olgan avtoag‘dargich haydovchisi A.A.ga korxona tibbiy bo‘lim xodimlari tomonidan birinchi yordam berilgan va shoshilinch ravishda shahar markaziy shifoxonasiga yetkazilgan.
Ammo ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, haydovchi kasalxonada vafot etgan.
Hozirda ko‘mir konida ro‘y bergan hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.