Toshkent viloyati, Angren shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi pora bilan ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, tergovchi o‘z ish yurituvida bo‘lgan tergovga qadar tekshiruv ishi doirasida fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik va tegishli tartibda chora ko‘rmaslik evaziga 10 ming dollar talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan puldan 5 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.
Holat yuzasidan tergovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.