Angrenda 7-sentabr kuni yuz bergan YTHda 11 kishi halok bo‘lgan. Bu Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning farmoyishida keltirilgan.
9-sentyabrda imzolangan farmoyishga ko‘ra, ushbu YTH oqibatida 6 kishi turli darajada tan jarohatlari olib shifoxonaga joylashtirilgan.
IIVning 7-sentyabrdagi axborotida esa hodisa oqibatida 7 kishi halok bo‘lgani, 5 nafari tibbiyot muassasalariga yotqizilgani, 4 nafar shaxsga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uylariga javob berilgani ma‘lum qilingandi.
Farmoyishda viloyat hokimining o‘rinbosarlari va tegishli tashkilotlar YTH oqibatida vafot etganlarning shaxsiga aniqlik kiritishi, ularning oila aʼzolariga hamda jabrlanganlarga tibbiy, moddiy, psixologik va boshqa yordamlar ko‘rsatishi belgilangan.
Halok bo‘lganlarni dafn marosimlari bilan bog‘liq kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi qayd etilgan. Jarohat olganlarga Angren shahar tibbiyot birlashmasida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani bildirilgan.
Maʼlumot uchun, Angren shahrida YTH 7-sentyabr kuni soat 12:20 larda yuz bergandi. Sement tashuvchi yuk mashinasi harakat yo‘nalishidagi temiryo‘l kesishmasida to‘xtab turgan 2 ta yuk avtomashinasi hamda 5 ta yengil avtomashina bilan to‘qnashgan. Oqibatda yong‘in kelib chiqqan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.